Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida 30-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organga kiritilguniga qadar: manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan; qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa davlat organlari va tashkilotlar bilan majburiy tartibda kelishiladi. Kelishish uchun yuborilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarning birinchi rahbarlari (alohida hollarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) tomonidan: qonun hujjatlari loyihalariga — yetti ish kuni ichida; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalariga — uch ish kuni ichida; vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari loyihalariga — besh ish kuni ichida; mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalariga — uch ish kuni ichida viza qoʻyiladi. Qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishning boshqa muddatlari hamda muayyan davlat organlari va tashkilotlar bilan majburiy ravishda kelishishga doir talablar belgilanishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishning maxsus axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish tartibi qonunchilikda belgilanadi.