Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan taqdirda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharhni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga rasmiy sharhni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatalari beradi. Qonunosti hujjatlari normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.