Yuridik maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi notarius yordamchisi boʻlishi mumkin. Ushbu Qonun 2-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar notarius yordamchisi boʻlishi mumkin emas. Davlat notarial idorasi notariusining yordamchisini ishga qabul qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya boshqarmalari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius yordamchisini ishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining (bundan buyon matnda Notarial palata deb yuritiladi) tegishli hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan holda uni tavsiya qilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi. Notarius yordamchisi notariusning topshirigʻiga koʻra notarial harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etishga, bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlar loyihalarini tuzishga, hujjatlarning koʻchirma nusxalari va dublikatlarini, ulardan koʻchirmalarni tayyorlashga, shuningdek notarial harakatlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berishga haqli. Davlat notarial idorasi notariusi yordamchisiga maxsus unvonlar — mansab darajalari beriladi.