Yigirma besh yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan, malaka imtihonini topshirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi notarius boʻlishi mumkin. Sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan oʻtish talab qilinmaydi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan eʼtiboran besh yil oʻtmagan boʻlsa, olti oy muddat stajirovka oʻtaydi. Quyidagilar notarius boʻlishi mumkin emas: muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs; qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs; notarius, advokat, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolatlari oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun tugatilgan shaxs — uch yil mobaynida. Notarius yordamchi, stajyor, shuningdek notarial faoliyatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa xodimlarga ega boʻlishi mumkin. Notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslar, davlat notarial idorasida ishlashidan yoki xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar boʻlib ishlashidan qatʼi nazar, teng huquqlarga ega va bir xil majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar bir xil yuridik kuchga ega boʻladi. Davlat notarial idoralari notariuslariga maxsus unvonlar — mansab darajalari beril