Notarial palataning konferensiyasi palataning yuqori organi boʻlib, zaruratga koʻra, biroq besh yilda kamida bir marta chaqiriladi. Notarial palata boshqaruvi Notarial palataning ustaviga muvofiq notariuslar orasidan saylanadigan ijro etuvchi organ boʻlib, palataning faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi. Notarial palataning taftish komissiyasi moliyaviy nazorat organi boʻlib, palata ustaviga muvofiq shakllantiriladi. Notarial palata raisi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Notarial palata konferensiyasi tomonidan, ushbu konferensiya saylagan Notarial palata boshqaruvi aʼzolari orasidan besh yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Notarial palata raisi boʻlishi mumkin emas. Notarial palataning raisini lavozimidan muddatidan oldin chaqirib olish Notarial palataning ustavida belgilangan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Notarial palata konferensiyasi tomonidan amalga oshiriladi.