Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari quyidagi notarial harakatlarni amalga oshiradi: 1) bitimlarni (shartnomalar, vasiyatnomalar, ishonchnomalar va hokazolarni) tasdiqlaydi, Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish va garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnomalar bundan mustasno; 2) fuqaroning tirik ekanligi faktini tasdiqlaydi; 3) fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlaydi; 4) fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi; 5) hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi; 6) meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻradi; 7) merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnomalar beradi; 8) er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga mulk huquqi haqida guvohnomalar beradi; 9) hujjatlarning nusxalari va hujjatlardan olingan koʻchirmalar toʻgʻriligini shahodatlaydi; 10) hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlaydi; 11) hujjatlarning bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qilinganligini shahodatlaydi; 12) pul summalari va qimmatli qogʻozlarni depozitga qabul qilib oladi; 13) saqlash uchun hujjatlarni qabul qilib oladi; 14) ijro xatlarini yozadi; 15) dengiz protestlarini amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.