Notariat toʻgʻrisida 31-modda. Notarial harakatni amalga oshirish va toʻxtatib turish muddatlari

Notarial harakatlar haq toʻlanganidan soʻng zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi. Notarial harakatni amalga oshirish qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilib olish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur boʻlganida kechiktirilishi mumkin. Notarial harakatlarni amalga oshirish, basharti qonunga binoan manfaatdor shaxslardan ushbu harakatlarni amalga oshirishga eʼtiroz bor-yoʻqligini soʻrash zarur boʻlganda, kechiktirilishi mumkin. Notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi lozim. Notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning talabiga koʻra unga notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish haqidagi qaror beriladi. Manfaatdor shaxs tasdiqlashni soʻrayotgan huquq yoki fakt ustida daʼvolashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi boshqa manfaatdor shaxsning arizasiga koʻra notarial harakatni amalga oshirish bir marotaba koʻpi bilan oʻn kun muddatga kechiktirilishi mumkin. Agar bu muddat ichida ariza tushganligi haqida suddan maʼlumot olinmasa, notarial harakat amalga oshirilishi lozim. Bir manfaatdor shaxs tasdiqlashni soʻrayotgan huquq yoki fakt ustida daʼvolashayotgan boshqa manfaatdor shaxsdan ariza tushganligi toʻgʻrisida suddan maʼlumot olingan taqdirda notarial harakatni amalga oshirish mazkur ish sudda hal boʻlguniga qadar toʻxtatib turiladi. Qonunchilikda notarial harakatlarni amalga oshirishni kechiktirish va toʻxtatib turishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.