Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan tarbiya, davolash va sogʻlomlashtirish muassasalaridagi, shuningdek aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi hamda shunga oʻxshash boshqa muassasalardagi bolalar tutingan (foster) oilaga beriladi. Tutingan (foster) oila oilaga tarbiyaga berish (patronat) shaklida hamda bolalarga oilaga yaqin muhitda gʻamxoʻrlik koʻrsatishning qonunchilikda belgilangan boshqa shakllarida tashkil etiladi. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi. Bolalarni tutingan (foster) oilaga olishni istagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bolalarni tutingan (foster) oilaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni ularning roziligi bilan tutingan (foster) oilaga berish mumkin. Bolalarni tutingan (foster) oilaga berish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.