Oilaviy korxona ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega: oilaviy korxonani boshqarishda, qarorlar qabul qilishda, moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilishda ishtirok etish; oilaviy korxona taʼsis shartnomasining shartlariga bogʻliq holda foydadan oʻz ulushini olish; oilaviy korxona tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqish; agar oilaviy korxonaning taʼsis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, oilaviy korxona tarkibidan chiqishda oilaviy korxona mol-mulki qiymatining bir qismi ustav fondiga oʻzi kiritgan mol-mulk miqdoriga mutanosib ravishda qaytarib berilishi yoki shunday qiymatdagi mol-mulk natural holda oʻziga ajratib berilishi. Oilaviy korxona ishtirokchilari oilaviy korxonaning faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi shart. Oilaviy korxona ishtirokchilari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.