Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini bevosita noshirning va tahririyatning oʻzi yoki shartnoma asosida aloqa korxonalari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tarqatishi mumkin. Ommaviy axborot vositasining har bir alohida sonini tarqatishga muharrir (bosh muharrir) uni chop etishga (efirga berishga) ruxsat etganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish Oʻzbekiston Respublikasi tegishli qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar qoidalari asosida amalga oshiriladi.