fuqaroligi toʻgʻrisida 34-modda. Ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olgan taqdirda bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi

Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa chet davlat fuqarosi boʻlib qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olayotgan otaning yoki onaning iltimosnomasiga koʻra, tugʻilgan joyidan qatʼi nazar, bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olishi mumkin. Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi boʻlib qolaversa, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan va doimiy yashayotgan bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini oladi. Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini oladi. Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashayotgan bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan otaning yoki onaning iltimosnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olishi mumkin.