Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi: a) 1992-yil 28-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi boʻlmagan va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlish istagini bildirgan shaxs; b) Oʻzbekiston hududida yashagan va 1992-yil 28-iyulga qadar oʻqish uchun Oʻzbekistondan tashqariga chiqib ketgan hamda uzluksiz ravishda taʼlim olgan yoxud harbiy xizmatni oʻtagan va oʻqish yoki harbiy xizmat tugaganidan keyin bir yil ichida Oʻzbekistonga qaytib kelgan hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan shaxs, basharti uning chet davlat fuqaroligi mavjud boʻlmasa; v) ushbu Qonun kuchga kirgan kunda Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlgan shaxs; g) ushbu Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olgan shaxs. Ushbu modda birinchi qismining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash fakti doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi belgining mavjudligi bilan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublikni aniqlash chogʻida, ushbu modda birinchi qismining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan hollarda, shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi bilan bogʻliq holatlar boshlangan paytda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchilik hujjatlarida qoʻllaniladi.