Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 104-moddasining birinchi qismi, 126¹-moddasining oltinchi qismida koʻrsatilgan badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishi deganda, jarrohlik aralashuvisiz bartaraf etib boʻlmaydigan inson qiyofasiga yoqimsiz, seskantiradigan koʻrinish beruvchi jarohat (jumladan, mexanik taʼsir, olov, agressiv moddalar va h.k.lar taʼsirida yuz simmetriyasining, mimikaning buzilishi, chuqur chandiqlar, kertiklar paydo boʻlishi, badanning yara bosishi, burun, lab, quloqning ajratilishi va boshqa nuqsonlar) tushunilishi lozim. Badan jarohatlarining tuzalmaydigan darajada ekanligini aniqlash sud-tibbiy ekspertiza vakolatiga taalluqli. Jarohatlarni xunuklashtiruvchi deb topish masalasi tergov organlari va sudning vakolatiga tegishli boʻlib, u jamiyatda mavjud estetik tasavvurlar nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda hal etiladi. Bunda mazkur jarohatlarni kiyim, soch turmagi va boshqa yoʻsinda yashirish imkoniyati borligi ularni xunuklashtiruvchi deb topish masalasini hal etishga taʼsir etmasligi lozim.