Sudlar aybdor qasdining mohiyati va u nimaga qaratilganligidan, sodir etilgan harakatning motivi, maqsadi va muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda bezorilikni boshqa jinoyatlardan farqlay olishlari kerak. Jumladan, oilada, uyda (xonadonda) qarindosh-urugʻ, tanish-bilishlarga nisbatan sodir etilgan haqoratlash, urish-doʻpposlash, badanga yengil shikast yetkazish kabi harakatlar, agar ular shaxsiy kelishmovchilik natijasida kelib chiqqan boʻlsa yoxud jabrlanuvchining nojoiz xatti-harakatlari oqibatida sodir etilgan boʻlsa, shaxsga qarshi jinoyat deb baholanishi va Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Basharti, shaxs oʻz xatti-harakatlari bilan ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotganligini va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganligini ham yaqqol anglagan boʻlsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinadi va shaxsga qarshi jinoyatlarni nazarda tutuvchi moddalar bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.