Aybdorning harakatini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun uning bezorilik harakatlari davomida oʻqotar qurolni namoyish qilganligi faktining oʻzi yetarlidir. Ish boʻyicha aybdor tomonidan oʻqotar qurolni qoʻllashga tahdid qilinganligi yoki qoʻllanilganligi holatlari jazo tayinlashda eʼtiborga olinishi lozim. Oʻqotar qurol tushunchasini qoʻllashda sudlar Oʻzbekiston Respublikasining “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonuniga amal qilishlari kerak. Shu bilan birga, sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, aybdorning harakatini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun oʻqotar qurol jinoyat sodir etish paytida otishga yaroqli deb topilgan boʻlishi shart. Basharti, yaroqsiz boʻlsa, bezorilik Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bezorilik jinoyatini sodir etishda ishlatilgan yoki namoyish etilgan oʻqotar qurol tegishli ruxsatnomasiz aybdorning egaligida boʻlgan boʻlsa, qilmish Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan ham qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinadi.