Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 11-band. Bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilayotgan tovarlar miqdorini aniqlashda…

Bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilayotgan tovarlar miqdorini aniqlashda ushbu tovarlarning jinoyat sodir etilgan vaqtdagi bozor qiymatidan kelib chiqilishi lozim. Qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan oʻtkazilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtgan tovarlar amalda mavjud boʻlmagan (erkin muomalaga chiqarilgan, sotib yuborilgan va h.k.) hollarda ularning qiymati sifatida bojxona rasmiylashtiruvi paytida BK 44-bobiga muvofiq aniqlangan bojxona qiymati tan olinadi. Tovarlar qiymatini aniqlashning imkoniyati boʻlmagan hollarda (masalan, qalbakilashtirilgan spirtli ichimliklar, kontrafakt tovarlar) ularning qiymati baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi. Bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilayotgan tovarlar miqdorini aniqlashda faqat bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki identifikatsiyalash vositalaridan aldash yoʻli bilan foydalangan holda yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib oʻtkazilgan tovarlar qismining qiymati inobatga olinishi kerak.