Sudlar bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlgan ishlar boʻyicha hal qiluv qarorlarining ijrosiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim. Bolalarni olish va ularni boshqa shaxslarga berish bilan bogʻliq boʻlgan hal qiluv qarorlarini majburiy ravishda ijro qilish davlat ijrochisi tomonidan qoidaga koʻra, hal qiluv qarorini ijro qilishga majbur boʻlgan shaxs yashaydigan joyda amalga oshiriladi. Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud, alohida hollarda, FPK 454-moddasi tartibida hal qiluv qarorini ijro etishni bola turgan joyi boʻyicha amalga oshirishni belgilashi mumkin. Bunday hal qiluv qarorlarini ijro etish vasiylik va homiylik organlari vakillarining muqarrar ishtirokida, vaziyat taqozo etsa, ichki ishlar organlarining va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirokida amalga oshirilishi lozim.