Davlat pensiya taʼminoti bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati, shu jumladan, yakka (guruhli) ijara sharoitidagi yoki…

Yakka tartibdagi mehnat faoliyati, shu jumladan, yakka (guruhli) ijara sharoitidagi yoki shaxsiy yordamchi, dehqon, fermer xoʻjaliklaridagi faoliyat davrini pensiya olishga huquq beruvchi ish stajiga qoʻshish bilan bogʻliq nizolarni hal qilishda, sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 2022-yil 13-oktabrdagi 592-son qarori talablaridan kelib chiqishi lozim. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, sugʻurta badallari toʻlovchilari: yakka tadbirkorlar; yakka tadbirkorlar tomonidan yollangan shaxslar; oilaviy tadbirkorlik subyektining oila aʼzolari; dehqon va fermer xoʻjaliklari aʼzolari; shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida qoramol boqish va chorvachilik mahsulotlari sotish bilan band boʻlgan; shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarining boshqa turlarini (oʻsimlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik mahsulotlari) yetishtirish bilan band boʻlgan jismoniy shaxslar hisoblanadi. Bunday shaxslarning mehnat daftarchalariga 2001-yilga qadar yozuvlar Pensiya jamgʻarmasida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida, 2001-yildan keyin esa soliq organlarining sugʻurta badallari toʻlanganligi haqidagi maʼlumotlari asosida kiritilgan. Bunday hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, mehnat staji Pensiya jamgʻarmasida saqlanadigan shaxsiy hisobga olish varaqasi asosida, shuningdek, tadbirkorning Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan sugʻurta badallarini hisobga olish kitobida belgilanishi lozim. Shundan kelib chiqqan holda, sudlar shunga eʼtibor qaratishi lozimki, ushbu hujjatlardan hech boʻlmaganda bittasi mavjud emasligi talab qilinayotgan mehnat faoliyati davrini tasdiqlash uchun asos boʻla olmaydi, chunki qonun hujjatlarida sugʻurta badallari toʻlanganlik faktini guvohlar koʻrgazmalariga asosan tasdiqlash tartibi nazarda tutilmagan.