Sudlarga tushuntirilsinki, pensiyadan chegirmalarning miqdori ushlab qolishning asoslariga bogʻliq. Komissiya qarori asosida chegirmalar quyidagi miqdorda amalga oshiriladi: hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida — 10 foiz; qasddan notoʻgʻri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasi tayinlangan oila aʼzolari tarkibidagi oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar taqdim etmaslik natijasida, pensiya va nafaqalar toʻlangan vaqtda ishga joylashganligini yashirish — 30 foiz; pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining ikki barobaridan kam miqdorda pensiya yoki nafaqa oluvchi shaxslar boʻyicha — 5 foiz; Sudning qarori yoki boshqa ijro hujjatiga asosan undiriladigan chegirma miqdori toʻlanishi lozim boʻlgan pensiya miqdorining 50 foizidan oshmasligi lozim. Pensioner yoki nafaqa oluvchi qarzdorlikni oʻrnini qoplash uchun uning yozma arizasiga muvofiq pensiya va nafaqalar summalarini koʻproq miqdorda, shu jumladan, toʻliq miqdorda yoʻnaltirish huquqiga ega. Pensioner yoki nafaqa oluvchining yozma arizasida u tomonidan belgilangan foiz tarzidagi miqdor yoki qatʼiy summa koʻrsatiladi. Shunga koʻra, sudlar pensiyadan ushlab qolish haqidagi daʼvolarni qanoatlantirishda oylik ushlab qolish miqdorini belgilashi lozim.