Davlat pensiya taʼminotiga oid huquqni amalga oshirish bilan bogʻliq quyidagi ishlar sudda koʻrilishi mumkin: ish staji toʻgʻrisidagi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlarini belgilash haqidagi; ish stajini tasdiqlovchi hujjatning tegishlilik faktini belgilash haqidagi; ish oʻrinlarining attestatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar mavjud boʻlmaganda, oʻta zararli va oʻta xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash haqidagi; faoliyatning sugʻurta badallari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi asosi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining pensiya tayinlash boʻyicha komissiyasining faoliyat davrlarini mehnat stajiga qoʻshishni rad etish haqidagi qarorlari ustidan shikoyat berish; Pensiya jamgʻarmasining pensiya tayinlash boʻyicha komissiyasining pensiya tayinlashni rad etish, pensiyani bir turdan boshqa turga oʻtkazishni rad etish, pensiyadan chegirmalar qilish toʻgʻrisidagi qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ushbu roʻyxat tugal hisoblanmaydi va arizani ish yurituviga qabul qilish masalasini hal qilish vaqtida har qanday huquq buzilishi sud orqali tiklanishi mumkinligidan, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy, mulkiy huquqlarining vujudga kelishi, oʻzgarishi va bekor boʻlishi bilan bogʻliq har qanday fakt belgilanishi mumkinligidan kelib chiqish lozim. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ish haqi miqdori hamda sugʻurta badali toʻlanganligi tegishli hujjatlar (shtat jadvali, toʻlov vedomosti, toʻlov topshiriqnomasi va boshqalar) bilan tasdiqlanishi sababli bunday yuridik faktlarni sud tomonidan belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.