Sud buyrugʻi bekor qilingan taqdirda undiruvchi tomonidan toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, biroq, u budjetga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran FKning 150-moddasida belgilangan umumiy daʼvo muddati davrida, undiruvchi tomonidan qarzdorga nisbatan daʼvo ishi yuritish tartibida daʼvo qoʻzgʻatilgan taqdirda, toʻlangan davlat boji toʻlanishi lozim boʻlgan bojga qoʻshib hisoblanadi (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining toʻrtinchi va yigirma beshinchi qismi). Sudlar inobatga olishlari kerakki, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani FPK 175-moddasida koʻrsatilgan asoslar bilan qabul qilish rad etilganda toʻlangan davlat boji qaytarilishi belgilangan boʻlib, amalda qaytarilmagan boʻlsa ham, davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi dastlabki hujjat davlat boji budjetga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran umumiy daʼvo muddati doirasida berilgan daʼvo arizaga ilova qilinishi mumkin.