Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 19-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimliklarni qonunga xilof ravishda yetishtirish uchun JK 270-moddasi bilan jinoiy javobgarlik kelib chiqadi. Yetishtirilishi taqiqlangan ekin ekish deganda, bunday ekinlar urugʻini tegishli ruxsatsiz har qanday yer maydoniga, shu jumladan, boʻsh yotgan yerlarga yoki moslashtirilgan idishlarga urugʻini sepish yoki koʻchatini oʻtqazish tushunilishi lozim. Ushbu jinoyat oʻsimlik unib chiqqan-chiqmaganligi yoki oʻsgan-oʻsmaganligidan qatʼi nazar, ekin ekilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. Aybdorning harakatlari ekin maydoni oʻlchamidan kelib chiqqan holda JK 270-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinadi, bunda qilmishni ushbu moddaning birinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun ekin maydonining oʻlchami 250 kvadrat metrdan kam boʻlishi kerak. Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish deganda, unib chiqqan yoki oʻtqazilgan koʻchatlarni ularning pishish bosqichigacha boʻlgan davr ichida parvarish qilishni tushunish kerak. Agar shaxs yetishtirilishi taqiqlangan ekinni turli maydonlarda oʻstirayotgan boʻlsa, qilmishni kvalifikatsiya qilishda amalda ekilgan umumiy maydonlar oʻlchamidan kelib chiqish lozim. Agar yetishtirilishi taqiqlangan ekinlarni ekish yoki yetishtirish kelgusida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab yoki koʻzlamay tayyorlash, saqlash, tashish, joʻnatish, shuningdek, oʻtkazish (sotish) bilan bogʻliq boʻlsa, bunday harakatlar JK 270-moddasi va JK tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.