Aybdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda oʻtkazishga (JK 273-moddasi birinchi , ikkinchi , uchinchi , beshinchi qismlari ) qasd mavjudligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda, sudlar bunday vosita yoki moddalar haqiqatdan oʻtkazish maqsadida tayyorlab qoʻyilganligiga oid dalillar majmuidan kelib chiqishlari lozim. Bunday dalillarga, masalan, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar faqat isteʼmol qilinishini istisno etadigan miqdorda topilganligi, bunday vosita yoki moddalar muayyan dozada (oʻlchamda) qadoqlanganligi, ular tashish yoki joʻnatishda maxsus maxfiy joyga yashirilganligi, ularni tayyorlash uchun asbob-uskunalar mavjudligi, ekspertizaning aybdor giyohvand emasligi toʻgʻrisidagi xulosasi va h.k.lar kiradi. Ish boʻyicha aniqlangan haqiqiy holatlardan kelib chiqib, aybdorning harakatlari JK 25-moddasining birinchi yoki ikkinchi qismi va JK 273-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.