Sudlarning eʼtibori Jinoyat-protsessual kodeksining gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning himoyachi olish, aynan nimada gumon qilinayotganligi yoki ayblanayotganligini, mahkumga esa, u qanday jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilganligini bilish huquqini kafolatlovchi 46 , 48-moddalari talablariga qatʼiy rioya qilinishi zarurligiga qaratilsin. Shuning uchun, jinoyat ishida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda, ayblov dalolatnomasida, ayblov xulosasida va sud hukmida Jinoyat-protsessual kodeksining 360 , 361 , 379 , 381¹² , 467-moddalarida nazarda tutilgan holatlar aniq bayon etilishi kerak. Agar shaxs bir necha jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan boʻlsa, bu holatlar har bir ayblovga nisbatan alohida bayon etilishi lozim.