JKning 285-moddasi 2-qismi “ a , b” bandlarida bir guruh shaxslar tomonidan yoki qurol ishlatish orqali sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan. JKning 285-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan “bir guruh shaxslar” tushunchasi JKning 29-moddasida berilgan tushuncha bilan bir xil maʼnoni anglatadi. Guruh sifatidagi ustavga zid zoʻravonlik harakatlari qasd umumiyligi bilan birlashgan ikki yoki undan ortiq harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etiladi va ularning har biri JKning 285-moddasida koʻrsatilgan jinoyat subyekti boʻladi va jinoyatda sherik sifatida ishtirok etadi. Bir guruh shaxslarning ayrimlari harbiy xizmatchilar boʻlmagan hollarda, ularning harakatlari JKning 28-moddasi orqali kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat oldindan oʻzaro til biriktirib yoki biriktirmasdan sodir etilishi mumkin. Soʻnggi holda harakatlarni JKning 285-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan tavsiflashning zarur sharti — har bir aybdor ustavga zid harakatlarini guruh ichida birlashib sodir etayotganligini anglab yetganligidir. Bir guruh va yakka tartibda sodir etilgan ustavga zid jinoiy harakatlar mustaqil huquqiy baholanishi va jinoyatlarning real majmui sifatida qaralishi kerak. Qurol tan jarohatlari yetkazish maqsadida qoʻllanilishi, boshqa xil zoʻrlik paytida esa, masalan, aybdor qurol ishlatish tahdidi ostida jabrlanuvchini harbiy xizmat yuzasidan oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishga yoki voz kechishga, oʻzi uchun turli xizmatlar qilishga majburlash, shuningdek, inson shaʼnini kamsitadigan xatti-harakatlar qilish paytida, ruhiy taʼsir oʻtkazish uchun qoʻllanilishi mumkin. Quroldan uning konstruksiyasi va mohiyatidan kelib chiqadigan yakson qiluvchi vosita sifatida emas, balki faqat kaltaklash predmeti sifatida foydalanish qurolni qoʻllash hisoblanmaydi.