Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 57-band. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish, mansabni suiisteʼmol qilishdan…

Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish, mansabni suiisteʼmol qilishdan farqli oʻlaroq, qoʻmondon yoki boshqa mansabdor shaxsning oʻziga berilgan huquq va vakolatlar doirasidan qasddan, ochiqchasiga chetga chiqadigan harakatlarni sodir etishida ifodalanadi. Hokimiyat yoki xizmat vakolatidan tashqariga chiqish jumlasiga mansabdor shaxs xizmat yuzasidan faqat muayyan, ayni vaqtda mavjud boʻlmagan hollardagina sodir etishga haqli boʻlgan yoki yuqori lavozimda turgan yoxud maxsus vakolatli shaxs sodir etishi lozim boʻlgan harakatlar ham kiradi. Shaxsning xizmat mavqeyi doirasidan chetga chiqishda aybdorligi masalasini hal etish chogʻida har doim uning vakolat doirasini aniqlab olish muhimdir. Harbiy mansabdor shaxslarning huquq va vakolatlari qonunlar, ustavlar, nizomlar va qoʻmondonlik buyruqlarida aniq belgilab qoʻyilgan. Ayni paytda shuni eʼtiborga olish kerakki, mansabdor shaxs tomonidan qurol va boshqa jismoniy zoʻrlik ishlatilishi, agar bu harakatlar uning tomonidan oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi va xizmat yuzasidan jabrlanuvchiga nisbatan mavjud vakolatlar doirasidan chetga chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan hollardagina hokimiyatni suiisteʼmol qilish deb baholanishi mumkin. Jabrlanuvchi aybdorga tobe yoki aybdor hokimiyat vakili boʻlganligi bois unga qaram boʻlgan hollarda muayyan vakolatlar mavjud boʻlishi mumkin. Aks holda shaxsga qarshi jinoyat uchun JKning tegishli moddalari bilan javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.