Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni oʻzganing mulkini JK muayyan moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan talon-toroj jinoyatini sodir etishda aybdor deb topganda, uning harakatlari JK tegishli moddasining ogʻirroq javobgarlikni nazarda tutuvchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim va ushbu moddaning boshqa qismlari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etilmaydi (masalan, jinoyat JK 167-moddasining 3-qismi bilan, shu jumladan juda koʻp miqdorda talon-toroj qilish belgisi boʻyicha kvalifikatsiya qilinganda, JK mazkur moddasining 1 va 2-qismlari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya talab etilmaydi). Davomli talon-toroj sodir etilgan hollarda aybdorning harakatlari talon-toroj qilingan umumiy summani hisobga olgan holda tavsiflanishi zarur. Agar shaxsning harakatlari davomli jinoyat xususiyatiga ega boʻlmasdan bir necha mustaqil epizodlardan, misol uchun, oʻgʻrilik, talonchilik, firibgarlik va boshqalardan iborat boʻlsa, bu harakatlar talon-toroj qilingan umumiy summadan kelib chiqqan holda tavsiflanishi mumkin emas. Bunday hollarda jinoyatni oʻzganing mulkini talon-toroj qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksi moddasining dispozitsiyasiga muvofiq, jumladan, takroriylik belgisi bilan tavsiflash lozim.