Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 536-moddasi birinchi qismiga muvofiq, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid masala, jinoyat ishi qaysi sudlovga tegishliligidan qatʼiy nazar, mahkum jazoni oʻtayotgan jazoni oʻtash muassasasi yoki jazoni ijro etuvchi organ (bundan buyon matnda-jazoni ijro etuvchi organ) joylashgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi, harbiy sudi sudyasi tomonidan yakka tartibda hal etiladi. Agar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid (jumladan, sud qarori bekor qilinib, ish yangitdan sudda koʻrishga yuborilganda) iltimosnoma sudga kelib tushgandan soʻng mahkum boshqa jazoni oʻtash muassasasiga oʻtkazilgan boʻlsa, material shu muassasa joylashgan joydagi sudda koʻriladi. Bunday hollarda sud iltimosnoma va taqdim etilgan materiallarni darhol mahkum jazoni oʻtayotgan joydagi sudga yuborishi shart. Mahkum tergov harakatlari yoki sud muhokamasiga jalb etilishi munosabati bilan vaqtincha tergov hibsxonasiga oʻtkazilganda, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid iltimosnoma mahkum tergov hibsxonasiga oʻtkazilgunga qadar saqlangan jazoni ijro etuvchi organ joylashgan joydagi sudga yuborilishi lozim.