Jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlarni undirish amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Sudlar shunga eʼtibor berishlari lozimki, protsessual chiqimlar quyidagi hollarda davlat…

Sudlar shunga eʼtibor berishlari lozimki, protsessual chiqimlar quyidagi hollarda davlat hisobiga oʻtkaziladi: sudlanuvchi oqlangan yoki ish ushbu Kodeksning 83-moddasiga muvofiq tugatilgan taqdirda. Sudlanuvchi bir ayblov boʻyicha oqlangan, boshqa ayblov boʻyicha esa aybli deb topilgan boʻlsa, sud u aybli deb topilgan ayblov bilan bogʻliq protsessual chiqimlarni toʻlashni uning zimmasiga yuklaydi; protsessual chiqimlar undirilishi lozim boʻlgan mahkum mulkiy jihatdan uni toʻlashga qodir boʻlmagan taqdirda. Protsessual chiqimlarni toʻlashi mahkumning qaramogʻida boʻlgan shaxslarning moddiy ahvoliga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, sud mahkumni protsessual chiqimlarni toʻlashdan butunlay yoki qisman ozod etishga haqli. Tarjimonga va advokat xizmatiga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar bilan bogʻliq protsessual chiqimlar ham, agar mahkum huquqiy yordam uchun haq toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa, davlat hisobiga oʻtkaziladi. Sud yoki sudya protsessual chiqimlar davlat hisobiga oʻtkazilishi lozimligi toʻgʻrisida fikrga kelgan hollarda hukmda bunday qaror asoslantirib berilishi shart.