Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, shikoyat (protest) bilan kelib tushgan jinoyat ishi boʻyicha sud majlisini tayinlash chogʻida JPK 497¹⁵ va 509⁵-moddalarida nazarda tutilgan masalalar hal etiladi va ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutka ichida protsess ishtirokchilariga sud majlisi tayinlanganligi haqida xabarnoma yuboriladi. Jinoyat ishini oʻrganish chogʻida birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 497⁶-moddasining ikkinchi qismi va 503-moddasi talablari bajarilmaganligi aniqlansa, sudya apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishni koʻrib chiqishga monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun jinoyat ishini shu sudga qaytaradi.