Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrish amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 15-band. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari qisman yoki toʻliq sud tergovi oʻtkazishi…

Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari qisman yoki toʻliq sud tergovi oʻtkazishi, shu jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirib chiqishi va ularga sud majlisida aniqlangan yangi holatlarni inobatga olgan holda huquqiy baho berishi mumkin (JPK 483-moddasining uchinchi qismi). Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni soʻroq qilish, ekspertizalar oʻtkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida), ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qoʻshimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus koʻrsatishi lozim. Qonunga koʻra, qoʻshimcha materiallarni talab qilib olishda muayyan tergov harakatlarini oʻtkazish zarurati tugʻilsa, bu haqida apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ajrim chiqarishi va ijro uchun tegishli tergov organiga yuborishi mumkin. Ishning muhokamasi esa, keyinga qoldiriladi.