Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrish amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 19-band. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari birinchi instansiya sudi tomonidan ishning…

Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari qanchalik toʻgʻri aniqlanganligini, jinoyat va jinoyat-protsessual qonuni normalari qanchalik toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi. JPK 494-moddasining birinchi qismiga muvofiq, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari sudning hukmini bekor qilishga va mahkumga jazoni kuchaytirgan yoki unga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan eʼlon qilingan ayblov doirasida (ayblovning ayrim qismlari birinchi instansiya sudi tomonidan muhokama qilinmagan holatlarda ham) ogʻirroq jinoyat toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllagan holda yangi ayblov hukmi chiqarishga haqli. JPK 494-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jazoni kuchaytirishga, shuningdek, ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllashga faqat shu asoslarga koʻra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest bildirilgan va JPK 497⁴ , 501-moddalarida belgilangan muddatlar oʻtib ketmagan hollardagina haqli. Agar ishni koʻrish vaqtida sudlanuvchi tomonidan ayb eʼlon qilinmagan boshqa jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari JPK 416-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq qaror qabul qiladi. Agar ishni koʻrish vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari JPK 417-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq qaror qabul qiladi. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari faqat prokuror tomonidan protest bildirilgan, jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan shikoyat berilgan hollardagina oqlov hukmini bekor qilib, ayblov hukmi chiqarishga haqli.