JPK 494-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari talablariga rioya etgan holda mahkumning qilmishini JK bir moddasidan ikki va undan ortiq moddalariga yoki bir moddaning bir necha qismlariga qayta kvalifikatsiya qilganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmga jazoni kuchaytirmagan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritish va JK 59-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq jazo tayinlashga haqli. Bunda yangi jazo hukm boʻyicha tayinlangan jazodan ogʻirroq boʻlishi faqat shu asoslarga koʻra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yoki prokuror tomonidan protest bildirilgan hollardagina mumkin. Agar JK bir moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi shart boʻlgan ikki yoki undan ortiq qilmish Kodeksning bir necha moddasi bilan notoʻgʻri kvalifikatsiya qilingan boʻlsa, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ushbu qilmishlarni JK tegishli moddasiga qayta kvalifikatsiya qilib, shu modda boʻyicha ilgari tayinlangan jazoni kuchaytirmagan holda yangi jazo belgilashga haqli.