Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrish amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 34-band. Agar mahkumning oʻzi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan apellyatsiya…

Agar mahkumning oʻzi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berilgandan soʻng, biroq ish apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrilgunga qadar vafot etsa, ish yuritish umumiy asoslarda davom ettiriladi. Marhumni reabilitatsiya qilish uchun asoslar boʻlgan taqdirda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqaradi, boshqa hollarda esa, hukmni bekor qilib, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishini JPK 84-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq tugatadi. Ish tugatilganda, ashyoviy dalillar taqdiri haqidagi masala JPK 211-moddasiga muvofiq, ularning tegishliligi toʻgʻrisida nizo kelib chiqqanda esa — fuqarolik ish yurituvi tartibida koʻrilishi mumkin. Marhumning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi ham jabrlanuvchi yoki prokuror tomonidan marhumning vorislariga yoki uning mulkini boshqarish huquqini oʻziga olgan shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan daʼvo boʻyicha fuqarolik ish yurituvi tartibida koʻriladi.