Boshqa epizodlar bilan umumiy kvalifikatsiya qilingan bir yoki bir necha epizod (masalan, bir necha marta pora olganlik) boʻyicha ish holatlari toʻliq tekshirilmagan deb topilganda, agar ularni sud qarorlaridan chiqarish uchun yetarli asoslar yoki yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni toʻldirish uchun imkoniyat boʻlmasa, nazorat instansiyasi sud qarorlarini bekor qilib, ishni apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan toʻliq hajmda koʻrish uchun yuborishi kerak. Agar mahkum JK turli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilingan bir necha jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan boʻlib, ulardan har birini alohida koʻrish imkoniyati boʻlsa, nazorat instansiyasi sudi sud qarorlarining bir yoki bir necha jinoyatga oid qismini bekor qilib, ishning shu qismini apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yuborishga, ayni paytda, oʻsha mahkumga nisbatan sud qarorlarining qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli. Agar nazorat instansiyasi sudi sud qarorlarining mahkumlardan biriga doir qismini bekor qilib, ishning shu qismini apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yuborish toʻgʻrisida fikrga kelsa va ishning shu qismini JPK 332 , 416 , 417-moddalari mazmunidan kelib chiqib ajratishning imkoni boʻlmasa, sud qarorlari toʻla hajmda bekor qilinishi kerak.