Jinoyat ishlarini nazorat tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 42-band. Ish nazorat tartibida koʻrib chiqilayotganda shikoyat (protest) bilan birga taqdim…

Ish nazorat tartibida koʻrib chiqilayotganda shikoyat (protest) bilan birga taqdim etilgan qoʻshimcha materiallardan, basharti ular sud majlisida tekshirilgan holatlarga daxldor boʻlsa va yangi ochilgan holatlar mavjudligidan dalolat bermasa, foydalanilishi mumkin. Qoʻshimcha materiallar ishda mavjud dalillar bilan qoʻshilgan holda baholanadi va ular bilan birga, faqat sud qarorlarini bekor qilib, ishni apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yuborish lozimligi toʻgʻrisidagi qaror asosiga qoʻyilishi mumkin. Ishni apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yuborish lozimligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda, sud ish holatlari toʻla va har tomonlama tekshirilishi va ayblanuvchining himoya huquqi taʼminlanishi zaruratidan kelib chiqishi lozim. Sud qarorlari bekor qilinib, ish tugatilganda nazorat instansiyasi sudi oʻz ajrimi (qarori)da faqat birinchi, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan va mahkumning javobgarligini istisno etuvchi yoki yengillashtiruvchi holatlarga tayanishi mumkin. Qoʻshimcha materiallar asosida hukm va keyingi sud qarorlari oʻzgartirilishi yoki bekor qilinib, ish tugatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bunday materiallar bilan aniqlanadigan faktlar haqqoniyligi birinchi, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilishi talab etilmaydigan hollar bundan mustasno (mahkum jinoiy javobgarlik kelib chiqadigan yoshga yetmaganligi toʻgʻrisidagi, muqaddam sudlanmaganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar va h.k).