Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 13-band. Birgalikdagi jinoiy harakatlar natijasida yetkazilgan mulkiy ziyon qoplanishi yuzasidan…

Birgalikdagi jinoiy harakatlar natijasida yetkazilgan mulkiy ziyon qoplanishi yuzasidan zararni yetkazgan barcha shaxslar solidar javobgar boʻladilar. Bunda sudlar quyidagilarni nazarda tutishlari lozim: jinoyatlar bir necha shaxslar tomonidan sodir etilganda, ular birgalikdagi ishtiroki aniqlangan epizodlar boʻyicha yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashda solidar javobgar boʻladilar; bir jinoyat ishi boʻyicha sudlansalarda, lekin umumiy maqsad bilan bogʻliq boʻlmagan mustaqil jinoyatlar uchun sudlangan, shuningdek, ayrimlari qasddan (masalan, talon-toroj uchun), boshqalari esa, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarga nisbatan solidar javobgarlik yuklatilmaydi; korxona, muassasa, tashkilotga uning bir necha yoki bir xodimi hamda mazkur korxona, muassasa, tashkilot bilan mehnat munosabatlarida boʻlmagan boshqa shaxslar aybi bilan mulkiy ziyon yetkazilganda, agar ziyon ularning qasddan birgalikdagi harakatlari natijasida yetkazilganligi aniqlangan boʻlsa, sud barcha sudlanuvchilarga solidar javobgarlik yuklashga haqli; qonunga koʻra, mahkumning harakatlari uchun moddiy javobgar boʻladigan fuqaro yoki korxona, muassasa, tashkilotlar jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashda solidar emas, balki hissali javobgar boʻladilar. Fuqarolik kodeksining 1000-moddasiga muvofiq jabrlanuvchining (fuqarolik daʼvogarining) arizasiga koʻra, sud birgalikda mulkiy ziyon yetkazgan shaxslarga solidar emas, balki hissali javobgarlik yuklashga haqli, basharti bunday tartib daʼvogarning manfaatlariga mos boʻlib, mulkiy ziyon qoplanishini taʼminlasa. Bir necha shaxslar tomonidan yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash haqida qaror chiqarish chogʻida sud hukmning qaror qismida sudlanuvchilardan qaysi biriga solidar va qaysi biriga hissali javobgarlik yuklanishini, shuningdek, mulkiy ziyonni qoplash uchun qancha miqdorda va kimning foydasiga summa undirilishini koʻrsatishi shart.