Fuqarolik kodeksining 999-moddasiga muvofiq faoliyati tevarak — atrofdagilarga oshiqcha xavf tugʻdiradigan yuridik shaxs va fuqarolar (transport tashkilotlari, sanoat korxonalari, qurilishlar, transport vositalari egalari va boshqalar) jabrlanuvchiga (fuqaroviy daʼvogarga) oshiqcha xavf manbai yetkazgan mulkiy ziyonni, agar ziyon bartaraf qilib boʻlmaydigan kuch yoki jabrlanuvchining qasddan qilgan harakati oqibatida yuzaga kelganligini isbotlay olmasalar, toʻlashlari shart. Oshiqcha xavf manbai egasi deganda, uni oʻziga tegishli mulk huquqi yoki operativ boshqaruv huquqi yoxud boshqa fuqarolik huquqiy asoslarga (masalan, ijara, prokat shartnomasi yoki ishonchnomaga, shuningdek vakolatli davlat organi yoki uning mansabdor shaxsining oshiqcha xavf manbaini tashkilot yoki shaxsga vaqtincha foydalanish uchun berish toʻgʻrisidagi farmoyishiga) koʻra ekspluatatsiya qiluvchi korxona, tashkilot, muassasa yoki fuqaro tushunilishi lozim. Oshiqcha xavf manbaini uning egasi bilan mehnat munosabatlari tufayli boshqargan shaxs (haydovchi, mashinist, dastgoh (stanok) ishchisi va h.k.) ushbu manba egasi deb topilmaydi va mulkiy ziyon uchun jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) oldida javobgar boʻlmaydi. Oshiqcha xavf manbai egasi, agar manba egasining ixtiyoridan uning aybi bilan emas, balki boshqa shaxslarning huquqqa xilof harakatlari natijasida chiqib ketganligini isbotlasa, mazkur oshiqcha xavf manbai yetkazgan mulkiy ziyon uchun javob bermaydi. Bunday hollarda oshiqcha xavf manbai yetkazgan mulkiy ziyon uchun javobgarlik manbadan foydalangan shaxsga yuklatiladi.