Shuni nazarda tutish lozimki, shaxsning unga yetkazilgan zararni (yaʼni mulkiy ziyonni) qoplashga boʻlgan huquqi, shuningdek, ziyon uchun moddiy javobgarlikning umumiy asoslari Fuqarolik kodeksida ( 14-moddasi , 57-bobi ) belgilangan. Chunonchi, FK 14-moddasiga koʻra, zarar deganda, quyidagilar tushuniladi: huquqi buzilgan shaxs oʻzining buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari, uning mol-mulki yoʻqolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar); shaxs oʻz huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda). Shu munosabat bilan jinoyat natijasida, ayniqsa, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga, xususan, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlarga oid ishlar boʻyicha (JK 192¹— 192⁸-moddalari ) yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash masalalarini hal etish chogʻida sudlar nafaqat jinoyat protsessual qonunchiligi (JPK beshinchi boʻlimi ), balki fuqarolik, mehnat va boshqa qonunchilik normalariga ham (JPK 281-moddasi ) amal qilishlari lozim.