Maʼmuriy organlar va ular mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ariza (shikoyat) qarori, harakati (harakatsizligi) nizolashilayotgan organ joylashgan yoxud mansabdor shaxs ishlaydigan joydagi tumanlararo maʼmuriy sudiga beriladi. Turli joylarda boʻlgan bir nechta javobgarga nisbatan talab qoʻyilganda, ariza (shikoyat) arizachining tanlovi boʻyicha javobgarlardan biri joylashgan joydagi sudga taqdim etiladi. Agar maʼmuriy organ joylashgan joy uning vakolati amalga oshiriladigan hududga toʻgʻri kelmasa, ariza oʻsha organ oʻz majburiyatlarini bajarayotgan joyda faoliyat koʻrsatayotgan sudga beriladi. Yirik investor boʻlmagan investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq arizalari (shikoyatlari) javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo maʼmuriy sudga yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlariga taqdim etilishi mumkin. Yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq arizalari (shikoyatlari), shuningdek, tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan arizalar tumanlararo maʼmuriy sudga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi birinchi instansiya sudi sifatida qonun bilan uning vakolatiga kiritilgan ishlarni koʻrib chiqadi.