Sudlarga tushuntirilsinki, jabrlanuvchiga ish beruvchi tomonidan zarar yetkazilganda, uning qoʻpol ehtiyotsizligi zararni qoplash haqidagi daʼvoni toʻliq rad qilishga asos boʻla olmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 326-moddasi talabiga muvofiq, agar jabrlanuvchining qoʻpol ehtiyotsizligi ziyonning kelib chiqishiga yoki koʻpayishiga sabab boʻlsa, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan ziyon miqdori jabrlanuvchi aybining darajasiga qarab, muvofiq ravishda kamaytiriladi. Bunday holda ziyonning oʻrnini qoplashni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Jabrlanuvchining ehtiyotsizligi qoʻpol ehtiyotsizlik yoki zarar miqdoriga taʼsir qilmaydigan oddiy eʼtiborsizlik masalasi har bir holda muayyan holatlardan kelib chiqib hal qilinishi kerak. Xususan, jabrlanuvchining mastlik holati yetkazilgan zarar bilan sababiy bogʻlanishda boʻlib, uning kelib chiqishiga yoki koʻpayishiga olib kelgan taqdirda qoʻpol ehtiyotsizlik deb hisoblanishi mumkin. Zararni toʻlashning qoʻshimcha turlariga, bir yoʻla nafaqa toʻlashga, shuningdek, boquvchisining vafoti tufayli yetkazilgan zarar toʻlovlariga nisbatan aralash javobgarlik qoʻllanilmasligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.