Sudlar nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga suiqasdni shaxsning jinoyatni sodir etishdan ixtiyoriy qaytishidan (JK 26-moddasi ) farqlashlari lozim. Agar shaxs jinoiy harakatlarini oxiriga yetkazishga imkoniyati boʻla turib, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishdan ixtiyoriy ravishda va uzil-kesil voz kechgan boʻlsa, qilmish voz kechish sabablaridan qatʼi nazar, u haqiqatda sodir etgan harakatlar boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi, basharti ularda boshqa jinoyat tarkibi (masalan, bezorilik, badanga shikast yetkazish, mulkni nobud qilish yoki unga zarar yetkazish va h.k.) mavjud boʻlsa.