Odam savdosiga oid ishlarni tergov qilish yoki koʻrishda tergov organlari va sudlar quyidagi tushunchalarni aniq farqlashlari lozim: yollash deganda, ekspluatatsiya qilish maqsadida odamni biror-bir faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etishga qaratilgan faoliyat (ekspluatatsiya obyektini qidirish, toʻplash, u bilan muzokara yuritish va h.k) tushuniladi; tashish — shaxsni olish-sotish bitimi tuziladigan (ijro etiladigan), boshqa shaxsga topshiriladigan joyga yoki undan ekspluatatsiya maqsadida foydalaniladigan joyga yetkazib berish (transportda tashish)ni anglatadi. Bunda yetkazib beriladigan shaxs odam savdosini amalga oshirish uchun moʻljallanganligi tashuvchiga oldindan maʼlum boʻlishi lozim. Tashish bitta aholi punkti doirasida ham, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqish bilan bogʻliq tarzda ham amalga oshirilishi mumkin; topshirish — odamni boshqa shaxsga ekspluatatsiya qilish maqsadida jismoniy tarzda berishda ifodalanadi; yashirish — jabrlanuvchini hokimiyat vakillaridan, qarindoshlaridan yoki uning taqdiridan manfaatdor boshqa shaxslardan har qanday joyda xufiya saqlashda ifodalanadi; qabul qilish — odamni oʻz maqsadlarida ekspluatatsiya qilish uchun egalikka olish (masalan, hadya tariqasida, vaqtincha tekin foydalanish uchun yoki qarz evaziga va h.k.) ni anglatadi, odamni sotib olish hollari bundan mustasno.