“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar Faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunini iqtisodiy sudlar amaliyotida qoʻllashning ayrim masalalari haqida 10-band. Umumiy qoidaga koʻra, qonun hujjatlari va shartnomada boshqacha tartibda javobgarlik…

Umumiy qoidaga koʻra, qonun hujjatlari va shartnomada boshqacha tartibda javobgarlik nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik (shartnoma intizomini buzganlik) uchun Qonunning 25 — 32-moddalariga asosan javobgarlik qoʻllaniladi. Agar xoʻjalik shartnomasida shartnoma intizomini buzish bilan bogʻliq holatlar uchun javobgarlik belgilangan boʻlsa, taraflarning javobgarligi shartnomaga asosan qoʻllaniladi. Agar shartnomada shartnoma intizomini buzish bilan bogʻliq ayrim holatlar uchun javobgarlik koʻzda tutilgan boʻlsa, faqat shu holatlar uchun javobgarlik shartnomaga asosan qoʻllaniladi. Shartnomada koʻzda tutilmagan shartnoma intizomini buzish holatlari uchun esa javobgarlik Qonunning 5-bobi tegishli moddalariga asosan qoʻllanilishi lozim. Xususan, shartnomada tovarni oʻz vaqtida yetkazib bermaganlik uchun javobgarlik koʻzda tutilgani holda sifati, assortimenti, navi lozim darajada boʻlmagan tovarlarni yetkazib berganlik, toʻlov, tovar-transport hujjatlarini yuborishni kechiktirganlik, akkreditivdan foydalanmaganlik va boshqa holatlar uchun shartnomada javobgarlik belgilanmagan boʻlsa, shartnomada koʻzda tutilgan shartnoma intizomini buzganlik uchun javobgarlik shartnoma asosida, koʻzda tutilmagan shartnoma intizomini buzish holatlari uchun esa javobgarlik Qonunning 26 , 29 va 30-moddalariga asosan qoʻllaniladi.