Oʻzganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish bilan boshlangan, lekin jabrlanuvchi yoki boshqa shaxslar tomonidan sezib qolinganiga qaramasdan aybdor tomonidan mulkka egalik qilish maqsadida ularning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlmagan zoʻrlik ishlatib yoxud shunday zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib qilingan harakatlar talonchilik deb, hujum qilib hayoti yoki sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatganda yoxud shunday zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitganda esa bosqinchilik deb tavsiflanadi. Zoʻrlik ishlatish harakatlari aybdor tomonidan oʻzganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishi tugagandan keyin qoʻlga tushishdan qutilish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, bunday harakat talonchilik yoki bosqinchilik deb qaralmaydi. Zoʻrlik ishlatishning xususiyati va kelib chiqqan oqibatlarga qarab qilmishni oʻgʻrilik deb, boshqa jinoyatlarning belgilari boʻlganda jinoyatlar majmui boʻyicha tavsiflash lozim. Aybdor tomonidan sodir etilayotgan voqeani tushunib yetish qobiliyatiga ega boʻlmagan (masalan, yoshi juda kichiklar, ruhiy jihatdan aqli norasolar, alkogoldan yoki narkotik moddalardan kuchli mastlik darajasida boʻlgan yoki uxlab qolgan) shaxslarning mulkini oʻgʻrilash oʻzganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish deb tavsiflanishi kerak. Jabrlanuvchining egnida boʻlgan kiyim-kechagi, qoʻlidagi yoki bevosita yonida boʻlgan sumka, chamadon va boshqa anjomlaridan sodir etilgan yashirin talon-toroj qilish kissavurlik deb hisoblanadi va JKning 169-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan tavsiflanadi.