Qasddan odam oʻldirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Aybdorning oʻzi yoki boshqa shaxslar uchun moddiy naf koʻrish (pul, mol-mulkni yoki unga…

Aybdorning oʻzi yoki boshqa shaxslar uchun moddiy naf koʻrish (pul, mol-mulkni yoki unga egalik huquqini, turar joyga nisbatan va shu kabi huquqlarni qoʻlga kiritish) yoki moddiy xarajatlardan (mol-mulkni, qarzni qaytarishdan, xizmatga haq toʻlashdan, mulkiy majburiyatlarni bajarishdan, aliment toʻlash va shu kabilardan) qutulish maqsadida qasddan odam oʻldirishi taʼmagirlik niyatida sodir etilgan jinoyat sifatida (JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi bilan) kvalifikatsiya qilinishi lozim. Qotillik uchun haq vaʼda qilgan tashkilotchi (buyurtmachi)ning harakatlari u qaysi sabablarga koʻra shunday qilganligidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 28 , 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi kerak. Jinoyat ishtirokchilari oʻrtasida qasddan taʼmagirlik niyatida odam oʻldirish toʻgʻrisida oldindan til biriktirilmagan taqdirda, qotillik jinoyatini bajaruvchi shaxsining harakatlari JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi bilan, boshqa ishtirokchilarning harakatlari esa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi istisno etilgan holda, ushbu moddaning tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Bosqinchilik, tovlamachilik bilan bogʻliq holda qasddan odam oʻldirish harakatlari JK 97-moddasi ikkinchi qismining “i” bandi hamda Jinoyat kodeksining bosqinchilik va tovlamachilik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi. Agar aybdorda moddiy naf koʻrishga nisbatan qasd qotillik sodir etilganidan keyin paydo boʻlgan boʻlsa, qilmish JK 97-moddasining tegishli qismi bilan hamda Jinoyat kodeksining oʻzganing mulkini talon-toroj qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.