IPK 332-moddasiga muvofiq, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani iqtisodiy sud u kelib tushgan kundan boshlab bir oylik muddatda sud majlisida koʻrib chiqadi. Bunda sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ariza yuzasidan birinchi sud majlisi arizani ish yuritishga qabul qilish haqida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay oʻtkazilishi lozim. Arizachi va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida IPK 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Sudlarning eʼtibori sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish haqidagi ariza bilan murojaat etgan shaxs arizasidan voz kechishi mumkinligiga qaratilsin. Arizadan voz kechish qabul qilingan taqdirda sud IPK 110-moddasining 6-bandiga mos holda ariza boʻyicha ish yuritishni tugatadi. Bunda arizadan voz kechgan shaxs ayni shu asos bilan murojaat qilishga haqli emas.