Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 6-band. IPK 327-moddasining 2 va 3-bandlariga binoan ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoxud uning…

IPK 327-moddasining 2 va 3-bandlariga binoan ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoxud uning vakilining yoki sudyaning jinoiy harakatlari, shuningdek guvohning bila turib yolgʻon guvohlik berganligi, ekspertning bila turib yolgʻon xulosa berganligi va tarjimonning bila turib notoʻgʻri tarjima qilganligi, ular ishtirokida koʻrilgan boshqa ishlarda emas, balki aynan ushbu ishni koʻrishda sodir etilgan boʻlsa, yangi ochilgan holatlar boʻyicha ishni qayta koʻrish uchun asos boʻlishi mumkin. Ushbu bandlarda koʻrsatilgan holatlar sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasida belgilangan asoslar boʻyicha shaxsning jinoyat sodir etilishida ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan taqdirda, iqtisodiy sudning hujjati IPK 327-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan asos boʻyicha qayta koʻrib chiqilishi mumkin.