JPK 312-moddasining mazmuniga koʻra, mulkiy ziyonni qoplash uchun pul tovoni toʻlashni, reabilitatsiya etilgan shaxs yoki JPK 304-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar, pul toʻlovlarni amalga oshirish haqidagi ajrim yoki qarorni olgan paytdan eʼtiboran ikki yil mobaynida talab qilishlari mumkin. Reabilitatsiya etilgan shaxs oʻz huquqlarini tiklash tartibini tushuntiruvchi sud qarorini (tergov organining bildirish xatini) olgan paytdan eʼtiboran bir yil mobaynida bunday huquqlarini tiklanishini talab qilishi mumkin. Uzrli sabablarga koʻra bu muddat oʻtkazib yuborilgan hollarda u manfaatdor shaxsning arizasiga binoan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tiklanishi lozim. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etgan taqdirda, buni oʻz qarori (ajrimi)da asoslantirishi hamda ushbu qaror (ajrim)ga nisbatan manfaatdor taraflarning shikoyat (protest) keltirish huquqini tushuntirishi shart.