Shaxs aqli noraso holatida ijtimoiy xavfli harakat sodir etganligi yoki ruhiy holati jinoyat sodir etilganidan keyin buzilganligi isbotlangan deb topilgan holda, ajrimning tavsif qismida qilmishning sud tomonidan aniqlangan holatlari tekshirilgan dalillar asosida bayon etilishi, bunday shaxsning harakatlariga huquqiy baho berilishi va qabul qilingan qaror motivlari koʻrsatilishi lozim. Ajrimning qaror qismida shaxs jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilinganligi va muayyan turdagi tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilganligi yoxud ish tugatilganligi va bunday choralar qoʻllanilmaganligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar yoritilishi lozim.